Pages

Ads 468x60px

Featured Posts

MUVERTON

Hozircha u yaxshi uddalayotgan yagona ish: “Man Yunaytedni”ni “Everton”ga aylantirish. “MUVERTON” yasash

Havola

Gazeta o’qishning har qancha shaydosi bo’lmay, maqola aynan gazetada ta’sirliroq, zalvorliroq tuyulishini tan olishimga qaramay, internet-jurnalistika kaminaga ko’proq ma’qul. Unda imkon ko’proq.

Yomg'irga termulib

Yoqimli va yoqimsiz kunlar bo'ldi. Juda ham zavqli va o'ta og'ir damlar bo'ldi. Boy ham bo'ldim, pulsiz ham qolib ketdim. Hastaliklarni ko'rdim. Boshdan kechirdim. Toqatni sinovdan o'tkazdim.

Bundes-Pep

Ochig'i, Gvardiolani "Barselona"dan boshqa klubda ko'rishni, u hali "ko'k-anorrang" bo'lgan vaqtlaridayoq juda istardim. Huddiki, bu - uning murabbiylik mahoratiga to'laqonli baho berishga asos yaratib beradigandek edi.

Final haqida

Parda tushirildi. Chiroqlar yoqildi. Teatrni asta-sekin tark etsak ham bo'ladi.

19 окт. 2013 г.

MUVERTON



 

Na ishxonadagi, na uydagi televizorning birorta kanali “Manchestee Yunayted” – “Sautgempton” o’yinini ko’rsatmasligini oldindan bilganim uchun, o’yinning matnli translyatsiyasini o’qib qo’ya qolish, yo bo’lmasa, shunchaki hisobdan xabardor bo’lish bilan kifoyalanmoqchi edim aslida. Shunday qilgan bo’lganimda, ushbularni yozib o’tirmagan bo’larmidim, balki… 

Premier-liga turnir jadvalida sakkiz turdan keyin nechanchi o’rinda turganimiz sakkizinchi masala. Natijalarning yomonligi ham qo’rqinchli emas. Kechagina champion bo’lib, bugun chempionlar ligasida ishtirok etishdan-da umidsizlanib turganimiz ham eng havotirli narsamas. APLdagi hech bir jamoa “Yunayted”ga qarshi o’ynashga hayiqmay qo’ygani-yu, “Man Siti”ga o’xshaganlar “Iblis”larga qarshi o’yinda istaganini qilayotgani ham eng uyatlisimas. Rosti.  Qo’rqinchlisi boshqa. Havotirlisi o’zga. O’ylantiradigan jihat bo’lak…

Eng qo’rqinchlisi nima bilasizmi? Holatni o’nglanishidan umid qilish uchun, hammasi izga tushib ketishidan umidvor bo’lish uchun asosning o’zi ko’rinmayotgani. 

“Hay nima, murabbiy yangi-da, o’z o’yin uslubini yigitlarga tushuntirish, uni maydonda tadbiq qilish uchun vaqt kerak-da” deya olmasligimiz havotirli. O’yinda murabbiyning imzosi mutlaqo sezilmayotgani, uning g’oyalari tadbig’i kuzatilmayotgani, umuman, o’yinning o’zi yo’q ekani qo’rqinchli. Ushbu mavsumdagi barcha mag’lubiyatlarga murabbiy xatolari, kam sonli g’alabalarga Runi, Yanuzay, van Persi kabi alohida futbolchilarning individual mahoratlarigina sabab bo’layotgani daxshatli. 

Moyesni yangi murabbiy ekanini har mag’lubiyatga oqlov sifatida ro’kach qilaverishdan tiyiling. Bu kulguli. U “MU” bilan besh oydan buyon ishlayapti. Unga tarkibni o’zi istagan holga keltirib olish uchun yetarlicha vaqt, mablag’, imkon berildi. U jamoa o’yinini bir maronga keltirib olishi uchun ham keragicha muddat va sharoit muhayyo qilindi. Uning transferda qoyil qilgan ishi “Everton”dan o’zining “mikrafon”ini yetaklab kelish bo’ldi. Hozir esa uning o’sha suyuklisi maydonda soch turmagidan boshqa biror jihat bilan ajralib turgani yo’q. Bori-da sezilmayapti, yo’g’i-da bilingani yo’q. O’yinga mutlaqo ta’siri yo’q. Beta’sir. 

Moyes-da beta’sir. Hech bir uchrashuvda u o’yin davomida qabul qilgan qarorlari bilan uning kechishini o’zgartira olganini eslolmayapman. Xotiramdan esa shikoyatim yo’q. Biror o’ynda yomon boshlangan startdan keyin, tanaffusdan boshqacha ishtiyoq, boshqa taktik yo’llar, strategiyalar bilan qaytganini ko’rmadim jamoaning. Ko’zlarimdan ham nolimayman. Uning qaysidir o’yinda biror zahirasi ish berib, masala “MU” foydasiga hal bo’lib ketgani haqida bilganinggiz bo’lsa, bildiring menga ham. O’yinning borishiga ta’sir o’tkaza olayotgani yo’q. Na qarorlari, na hayqirilari-yu, imo-ishoralari bilan. Balki saqich chaynashni o’rganishi kerakdir… 

Ha, unda bosim yuqori, jin ursin. Lekin u qayerga kelayotganini bilardi. To’liq tasavvurga ega bo’lmagan bo’lsa, bu tasavvurni hosil qilish uchun yetarlicha muhlat o’tib ketdi. Keskin qarorlar qabul qilishdan cho’chiyotgandek, umuman har qanday keskinlikdan qo’rqayotgandek tuyulyapti u. Ishlab turgan mexanizmni buzib qo’yishdan cho’chiyotgandek. Lekin uning mana shu hadiki aslida faqat zararga xizmat qilyapti. Menimcha-da endi. 

U huddi kompyuterda doim FIFA o’ynab yurib, birdan PES (Pro Evolution Soccer) o’ynashga o’tgan "gamer"ga o’xshaydi. PESga o’tishga o’tgan-u, Boshqaruv tugmachalari sozlanmasini o’zgartirmagan. FIFAda o’rganib qolgani tugmalarni bossa, negadir mutlaqo ish bermayapti. O’yin qovushmayapti… PESga ko’nikolmayapti. Nima qilishni bilmay qolyapti.

Hozircha u yaxshi uddalayotgan yagona ish: “Man Yunaytedni”ni “Everton”ga aylantirish. “MUVERTON” yasash. 

Yaqinda twitterda: “Manchester Yunayted” muxlislariga achinib ketyapman. Ular huddi yolg’iz qizini impotentga turmushga bergan otaga o’xshab qolishdi” degan twit o’qigandim. Baxslashmadim. “Unday emas!”, deya baqirgim keldi. Indamadim. Chunki unday emasligiga uni ishontirish uchun, avvalo, bunga o’zim ishonib olishim kerak. Uning impotent emasligiga juda ishongim kelyapti. Ohiri samarali bo’lishiga umid qilyapman. Lekin ishonch oqlanmasa, umidlar umidligicha qolib ketaversa, men qizimni undan ajratib olish tarafdoriga aylanaman. Ish ungacha yetib bormas deb umidlanaman. 

27 июл. 2013 г.

Iqrornomam



Nimadir bo’ldi-yu, men matematika bilan chiqishmay qoldim. O’sha “nimadir” yettinchi sinfdan so’ng bu fan o’qituvchisi o’zgarib, yangisi matematikaga bo’lgan qiziqishimni butunlay so’ndirib yuborgani bo’lsa kerak. Har xolda o’shandan keyin matematika bilan munosabatlarimiz buzildi. Qattiq arazlab qoldik bir-birimizdan. Keyinchalik ahvol shunga yetib bordiki, men undan nafratlanadigan, ham qo’rqadigan bo’lib qoldim. Undan uzoqroq yurishim kerakligini tushundim. Nobel janoblari, sizni hurmat qilaman!)

Men o’z ustimda juda ko’p tajribalar o’tkazib ko’rganman. Shu qadar ko’p narsaga qiziqib ko’rganmanki, oqibatda bu faqat zararimga ishlaganini tushunganman. Kamina xo’rda qo’shiq kuylaganman. O’sha xo’rning ayrim qo’shiqlarida solistlik ham qilganman. TVda o’sha xo’r jamoasi bilan ko’rsatuvlarda chiqqanimni ham eslayman. 12 yoshlarda edim o’shanda. Hech qancha o’tmasdan honandadan sozandaga aylanganman.

Musiqa maktabida ikki yil rubob chalganman… va go’zal kunlarning birida “nimalar qilyapman men o’zi bu yerda?”, degan savolni o’zimga berganman-u, o’sha kundan boshlab o’sha musiqa maktabiga qadam bosmay qo’yganman. Orada rassamchilik to’garagiga ikki hafta, haykaltaroshlikka 3 hafta qatnab, bir miniatura va “Zumrad va Qimmat”dagi Qimmat haykalini yaratishga ulgurganman.

Shularning hammasi bilan bir vaqtda, uch yilcha boks bilan shug’ullanganman. Yigirmaga yaqin musobaqada qatnashganman, O’ndan ortiq musobaqada sovrindor bo’lganman. Maktabning to’qqizinchi sinfiga kelganida esa hammasini birdaniga yig’ishtirib tashlaganman va o’z oldimga maktabni qizil shahodatnomaga bitirish vazifasini qo’yganman. Nega bunday qilganimni hali ham tushunmayman, ochig’i. Garchi vazifani bajargan bo’lsam-da, bundan ne naf ko’rganimni eslay olmayman.

Men faqat “U qila olganini, men qilolmaymanmi?”- degan savolga: “Qila olar ekanman” degan javobni berish uchun qilardim va o’sha javobga erishgan kunim o’sha sohadan zerikardim va unutib yuborardim. Balki hozirgacha shundaydirman. Kim bilsin.

Maktabni bitirgach, nima qilishimni bilmadim. Qaysi yo’ldan borsam to’g’ri bo’lishi haqida tasavvurga ham ega emasdim. Chunki o’z ustimda o’tkazilgan tajribalarim bilan ovora bo’lib, aslida hayotda nima bilan shug’ullanishni istashim haqida o’ylab ko’rishga ulgurmagandim. Beqarorlik qiynagan. Uzoq vaqt qiynagan.

Hatto litseyda o’qib yurgan vaqtlarimda ham nima bilan shug’ullanishim kerakligini bilmasdim. Yo’limni tanlamagandim. Faqat bir narsani aniq bilardim: “Matematikadan uzoq yurishim kerak!”

2000-yildan buyon futbol ko’rardim. 2002-yildan boshlab futbol gazetalarini sotib olardim. O’qirdim. Hech qachon muallifiga e’tibor ham bermasdim. Gazetani yarmidan boshlab o’qirdim. Jahon futboli o’sha men o’qiydigan gazetaning ikkinchi yarmida yoritilardi. Boshqasi qiziqtirmasdi. Terma jamoa o’ynaganidagina gazetada shu haqdagi maqolaga ko’z yugurtirib qo’yardim holos.

Maktabda kelajakdagi kasbim haqida insho yozganimda har yili har xil kasb haqida yozardim. O’sha insholarning hech birida “Jurnalistika” nomli kasb tilga olinmagan. Ha, men hech qachon journalist bo’lishni orzu qilmaganman. “Futbol plyus”ning eng ashaddiy muxlislaridan biri bo’lganim rost. Hayrulla Hamidov sharhlarini sevganim rost. Utkinni taniganim ham yolg’on emas. Biroq men ular ishlaydigan sohada o’zimni ko’rmaganman.

Muhrim bilan tanishgunimga qadar shunday bo’lgan.

U guruhimizdagi hech kimga o’xshamasdi. U litseydagi o’z tengdoshlarining hech biriga o’xshamasdi. Chunki u hammamizdan bir necha yilga ilgarilab ketgandi. Ancha oldinda edi. Aniqrog’i biz undan ancha orqada edik.

Biz electron pochta va saytning farqiga bormagan vaqtlarimizda u internet nashrlarida muharrir edi. Bizga pochta ochib bergan vaqtlarida u o’zi saytlar yarata olardi. Bizni forumlarga a’zo bo’lishni, u yerda fikr qoldirishni o’rgatgan vaqtida o’zi yurtimizdagi eng birinchi futbol sayti yaratilishida jonbozlik ko’rsatardi. U har kuni meni hayron qoldirardi. Undan har kuni yangi narslar o’rganaverardim. U o’rgatishga erinmasdi.

“Odamlar orasida” gazetasini ilk marta uning qo’lida ko’rganman. Keyingi sonidan boshlab har birini o’zim sotib ola boshlaganman. Gazetaning muxlisiga aylanganman. Mualliflarga e’tibor bera boshlaganman.

Gazetaning qaysidir sonida sarlavhasi “Kitob do’koni qayerda?” bo’lgan maqola chiqqan. Har doimgi odatimizga ko’ra Muhrim bilan gazetaning yangi sonini muhokama qilayotganimizda u o’sha maqola haqida gapirayotib “Mana shuni yozgan bola (Diyor Imomxo’jayev edi muallif) biz bilan tengdosh, bilasanmi? Nima, biz yozolmaymizmi?”, degan mazmundagi gap qilgan. Bu mening nozik nuqtam edi. O’sha eski prinsipni qo’zg’ab qo’ygandi: “Nahot u qila oladi-ku, men qilolmasam?!”

O’shandan keyin boshlangan hammasi. Oradan bir qancha vaqt o’tgach, men oq qog’ozga chekish illati haqida bir narsa yozib kelganman. Qo’lda yozganman. Kompyuterim bo’lmagan. Litseyni bitirganimdan so’nggina kompyuter sotib olganman. Xullas, o’shani Muhrim kompyuterda terib, o’sha vaqtlarda men o’qib turadigan gazetalarning biri bo’lgan “7 iqlim”ga jo’natib yuborgan. Men bu haqida bilmaganman. Payshanba kuni gazetani sotib olganman-u, ichida “Muallif: Abror Qodirov”, degan yozuvli sahifaga ko’zim tushib, bunga qanday reaksiya bildirish kerkaligini tushuna olmay qolganman.

Keyin Muhrim bilan “Лицейская правда” nomli devoriy gazeta chiqarganmiz. Hech kimdan ruxsat olib o’tirmay, gazetni chiqarib yuborib, domlalar-u, tizimni tanqid qilib tashlaganimizdan, hech qancha o’tmay ro’znomamiz faoliyatini to’xtatgan. Keyin guruhimizga ucoz’da sayt qilganmiz. Uncha-muncha korxona-yu, oliygohlar o’z saytiga ega bo’lmagan zamonlarda litseyning bitta guruhida ikkita sayt bor edi. Biri guruh hayotini yoritsa, ikkinchisi guruh yigitlaridan tashkil topgan “TashCityPirates” nomli futbol jamoasi sayti edi.

Litseyni bitirgan yilimiz Universitetga guruhimizdan faqatgina Muhrim birinchi urinishdayoq kirib keta oldi. Litseydagi ingliz tili muallimasi Nigora opaning maslahatiga ko’ra Jahon Tillari Universitetining ingliz filologiyasiga topshirgan men esa qolgan kursdoshlarim kabi o’qishga kira olmadim. Bu orada “Chempion” gazetasi paydo bo’ldi. Uning doimiy o’quvchisiga aylandim. Unda Angliya Premier Ligasi haqida bir necha maqolam chiqdi. LiveJournal’da blogerlik qildim. Fk.uz degan sayt asoschilaridan biri bo’ldim. Ikki-uch joyda ishladim va o’qishga tayyorlandim. Kirdim.

Diyor bilan Muhrim o’z fakultetida ishga tushirgan “Ko’zgu” devoriy gazetasini ko’rgach o’sha eski odatimga ko’ra men ham shunday narsa qilgim kelib qoldi va bir oy o’tib, huddi o’sha gazetaning “philology edition”nini chiqara boshladim. Fakultet muammolarini ko’rsatish va ularni bartaraf etishning QVZ nomli boshqa bir ta’siri ancha kuchliroq bo’lgan yo’lini o’zim uchun kashf etgunimga qadar gazeta faoliyat olib bordi.

Ikkinchi kurs talabasi bo’lib  yurganimda “Stadion” gazetasida faoliyat yurita boshladim. O’sha Muhrim, o’sha Diyorlar bilan..

O’shandagina men beqarorga hayotning o’zi yo’l ko’rsatgani va soha tanlab berganiga iqror bo’ldim.

Shunaqa. 

20 июл. 2013 г.

Havola



Gazeta o’qishning har qancha shaydosi bo’lmay, maqola aynan gazetada ta’sirliroq, zalvorliroq tuyulishini tan olishimga qaramay, internet-jurnalistika kaminaga ko’proq ma’qul. Unda imkon ko’proq. Unda erkinlik ko’p. Imkoniyat va erkinlik tushunchalarini ayni damda faqat shakl va hajmga nisbatan ishlatyapman…

Gazetada hajm qat’iyan chegaralanadi. Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas. Rasmlar bilan ishlashda ham qiyinchiliklar yetarlicha. Havola, video,  audio materiallar, shu shakldagi ma’lumotlar bilan maqolani boyitishning imkoni yo’q ekani ham tushunarli.  Shu nuqtai nazardan internet jurnalistikasi an’anaviy matbuotdan ustunroq. Ancha.

Biroq internet jurnalistikasining o’zidagi faoliyatimiz davomida undagi ushbu mavjud imkoniyatlardan har doim ham foydalanmaymiz. Foydalanmayapmiz. Hatto juda zarur bo’lganida ham.

Yuqoridagi gaplar bilan Amerika kashf etmadim. Hammaga ma’lum bo’lgan haqiqatni “tupo” takrorlaganimni tushinib turibman. Shunday bo’lsa-da, asosiy gapga o’tishdan oldin shu gaplarni gapirib olmasam bo’lmasdi. Pardon.

Shuncha gapni yozib, o’zimni va sizning vaqtingizni o’g’rilashimga sabab, bir necha kun oldin Stadion.Uz saytida e’lon qilingan, hamkasbim Diyor Imomxo’jayevga nisbatan bildirilgan ushbu raddiya bo’ldi.

Qisqacha mazmuni shunday:  Diyor Imomxo’jayev o’zining twitterdagi sahifasida ushbu nashrda O’zbekiston MTJ bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovga nisbatan uning nazdida “kampaniyavozchilik” uyushitirilgan. Uning bunday xulosaga kelishiga saytda ketma-ket e’lon qilinib, mazmunan Qosimov tanqid ostiga olingan maqolalarning haddan ziyod ko’p bo’lgani va butun boshli nashr hodimlari-yu, muxlislari deyarli bir xil fikrni ilgari surishgani bo’lgan. Bu borada kaminaning o’z qarashi mavjud ersa-da, hozir umuman bu haqida emas. O’zaro munosabatlar qay tarzda boshqalarga yetkazilgani haqida.

Ushbu holat bo’yicha ikkita qat’iy fikrim bor.

Birinchidan. Diyor Imomxo’jayev o’z fikrlarini o’zining twitterida e’lon qilgan. Unda  mulohazalarini maqola ko’rinishida istalgan nashrda e’lon qilish imkoniyati ham yo’q emasdi. Biroq fikrlar haddan ziyod subyektivligi sabab bo’lsa kerak  (twitter esa aynan shunday fikrlar uchun eng to’g’ri joylardan biri) ularni mikrablog sferasi ichida qoldirdi. Stadion.Uz hodimlarining, adashmasam, hammasida twitter akkaunt mavjud. Ular raddiyalari va qarshi fikrlarini aynan shu formatda e’lon qilishlari eng to’g’ri yo’l bo’lardi, menimcha.  Sababi o’zaro baxsni twitter a’zolari to’laligicha kuzatish imkoniyatiga ega bo’lishar va o’zlari uchun haq va nohaq tomon haqida xulosa yasab olaverishardi.

Bir formatdagi fikrni qismlab, boshqasiga o’tkazish auditoriyani vaziyatni to’liq kuzatish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bu esa xulosa chiqarishda faqat bir tomon fikrlariga ko’proq tayanishga olib keladi o’quvchini. Raddiya ostida qoldirilgan izohlardan huddi shunaqa bo’lgani ham sezilib turibdi.

Ikkinchidan.  Agar sayt foydalanuvchilari sayt hodimlari haqida Diyor nimalar deganini bilishi suv va havodek zarur va unga aynan saytda raddiya yozish shart, deb hisoblanganda ham bunga qarshi chiqishga haqqimiz yo’q. Lekin mana shu o’rinda ham o’quvchiga vaziyatni to’liq kuzatish imkoniyatini yaratish zarur! Shart!  Bunga esa internet jurnalistikasida keragidan ham ortiq imkoniyatlar bor.

Raddiyada Diyorning ayrim fikrlari iqtibos sifatida keltirilgan va munosabat bildirishda o’shalar asos qilib olinib, tahririyat nuqtai nazari istalgancha boyitilgan.  Shu o’rinda, men nima uchun Diyor Imomxo’jayev twittteriga o’sha vaqtda, matn orasida havola qo’yilmaganini tushuna olmadim. Nega skrinshot’lar olib barcha  twitlar keltirilmagani ajablantirdi. Kerak bo’lsa, har bir twitga alohida havola berib chiqilsa ham hech kimning g’ashiga tegmasdi. Jilla qursa uning twitterdagi manzili havolasiz keltirilganda ham yomon bo’lmasdi.

Mayli, bundan muxlis fikri, o’quvchi xulosasi o’zgarmasin. Mayli, Diyorning fikrlari bir-birini faqat takrorlagan bo’lsin. Gap unda emas. Men o’quvchiga yoritilayotgan vaziyat bilan to’liq tanishishiga imkon berilishini istayman. Bu gazeta emaski, siz o’quvchga iqtibosinggizdagi qo’shtirnoqlar bilan chegaralar belgilab bersanggiz.Nazar chegarasini ikki tomondagi qo'shtirnoqlar bilan to'sib qo'ysangiz.

O’quvchini bir maqolani o’qib tugatgunicha, kerak bo’lsa o’nta sahifani “aylanib” chiqishga majbur qiling. Tanishtiring. Tushuntiring. Isbotlang. Bu internet, janoblar.

Shularni aytib olmasam bo’lmasdi.

16 мар. 2013 г.

Yomg'irga termulib...



Dam olish kunlari kech uyg'onaman. Nonushta hamda tushlik tushunchalarini umumlashtirib yuborganman. Eng yaqin tamaddixonalardan birida ovqatlanish davomida, hayolan kunning qolgan qismi uchun re'jalar tuzaman. Ayniqsa, yurtga qaytishga ko'p ham vaqt qolmagan bir paytda, Jakartadagi vaqtimdan unumli foydalanib, uning e'tiborga sazovor joylarida ko'proq vaqt o'tkazish haqida ko'proq o'ylaydigan bo'lganman. Biroq re'jalar soniyalar o'tib yo'qqa chiqadi ko'pincha...

Bor yo'g'i ikkitagina mavsumi bo'lgan Indoneziyaning "yomg'ir mavsumi"da olti oydan ziyodroq yashagunimga qadar yomg'irni yoqtirardim. Juda yoqtirardim. Jakarta yomg'irini esa sevib qololmadim. Urindim. O'xshamadi. U haddan ziyod vahimali, haddan ziyod qo'rqinchli... Uning shovqini quloqlarni qomatga keltiradi, tezligi cho'chitadi. Re'jalarni buzuvchi kuch ham mana shu yomg'ir. Mana shu jala! 

Nonushta-tushligimni qilish uchun bugun uydan chiqdim-u, eng yaqin tamaddixonalardan biriga kirdim. Uy va kafe orasi hech qancha bo'lmasa-da, kunning haddan ziyod issiqligi-yu, namlikning o'ta yuqoriligi sabab peshonadan ter chiqishga ulgurdi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, mashinalar signalizatsiyalari chalinib ketishiga sabab bo'lgan momaqaldiroq tovushi eshitilib, darrov sharros yomg'ir quya boshladi. Bu yomg'ir kamida 1 soatga meni mana shu yemakxonaga "qamab qo'ydi". Bunday "qamoq"larga tushaverib ko'nikib ham ketganman. Deraza oldida o'tirib, o'zini panaga urayotgan odamlar-u,  yo'llarni zumda ko'lmaklarga to'ldirib tashlayotgan yomg'irga termulaman. Yaxshi tomoni, bu vaqt oralig'ida ko'p narsalarni o'ylab olish imkoni bor. Turfa xil o'ylar bir-biriga bog'lanib ketaveradi...

...Yigirma kun. Hayotning yana bir sahifasi yakunlanishiga shuncha vaqt qoldi. O'zgacha sahifa. Avvalgilaridan mutlaqo farq qiluvchi, biror jihati bilan bo'lsa-da, boshqalarini eslatmaydigan bo'lim. Uning takrorlanmas bo'lishini "Soekarno Hatta" aeroporti binosidan tashqariga chiqishimdayoq nafas olishga qiynalganim namgar va jazirama havodanoq tushunib yetgandim. Ilk marotaba "warteg"da achchiq bir tamoni ta'tib ko'rganim va tenggi yo'q tabiiy mango sharbatidan ichganim, "nasi goreng ayam"ni o'zim uchun palov deb qabul qilganim, ko'chalarda huddi kuchigini yetaklab ketayotgandek, maymuni bilan yurgan insonlarni ko'rganim, butun dunyo mototsikllari kelishib olgandek faqatgina Jakarta ko'chalarida yurgandek tasavvur uyg'otgan, peshonasiga abadiy tirbandlik tamg'asi bitilgan shahar ko'chalari, 4-5 yoshdan 70-75 yoshgacha tamaki tutatib yurgan ayol-u erkak , dumsiz mushuklar-u, suvsiz ariqlar, bahaybat binolar-u, mayda odamlar... Bularning barchasi hayotimning o'xshashi yo'q bir bo'limini boshlab qo'yganimni takror va takror tasdiqlardi, holos... 

Yoqimli va yoqimsiz kunlar bo'ldi. Juda ham zavqli va o'ta og'ir damlar bo'ldi. Boy ham bo'ldim, pulsiz ham qolib ketdim. Hastaliklarni ko'rdim. Boshdan kechirdim. Toqatni sinovdan o'tkazdim. Nafsimni imtihon qildim. Mustaqil ravishda. Eng muhim nuqta ham mana shu. Shu davrgacha menda mustahkam bir qo'rg'on, ishonchli suyanchiq bo'lgan. Oila deb atalmish o'sha suyanchiq mana shu davrgacha duch kelganim muammolarni osonroq hal qilishda, ikkilanganimda bir qarorga kelishda ko'makdosh, 22 yillik yo'lda yo'ldosh bo'lgan. Endi vaziyat ancha boshqacha ko'rinish olgandi. Chin ma'nodagi imtihon boshlangandi. 

Imtihondan qanchalik muvoffaqiyatli o'tdim, bilmayman. Lekin bu sinovlar bebaho bilimlarni egallashga olib kelganini juda yaxshi bilaman, tushunib turibman... Jakarta Davlat Universitetida olingan bilimlar qanchalik kerakli bo'lmasin, hayot deb atalmish muallimning ma'ruza-yu amaliyotlarida orttirilgan ko'nikmalar oldida ikkinchi darajaga tushib qoladi... Yana yigirma kunlik sinov...

... Yomg'ir ko'chalarni katta ariqlarga aylantirdi. Suvsiz ariqlar to'lib-toshib oqayapti. Yana biroz vaqt o'tib, yomg'ir tinadi-yu, bu suvlar o'z o'zidan yo'q bo'lib qoladi. Hayratlanasan tabiatning ishlariga. Bir zumda shuncha suv qanday g'oyib bo'lib qolar ekan?...

Yomg'ir biroz pasaygandek bo'ladi. Uygacha uzoq emas. Biroz ho'l bo'lishni bo'yinimga olib, chopaman... Yugursam kamroq ho'l bo'ladigandek huddi....

16 янв. 2013 г.

Bundes-Pep


Ochig'i, Gvardiolani "Barselona"dan boshqa klubda ko'rishni, u hali "ko'k-anorrang" bo'lgan vaqtlaridayoq juda istardim. Huddiki, bu - uning murabbiylik mahoratiga to'laqonli baho berishga asos yaratib beradigandek edi. Mana, u bugun boshqa bir chempionatdagi, boshqa bir klubda ish boshlashi ma'lum bo'ldi. Men kutganimdek huddi, shunday emasmi? Shunday emas.

Men ham, huddi siz kabi, boshqa klubga o'tish deganda uni "Barsa"dan boshqa bir "Barsa"ga o'tishini kutmagandim. 



Ha, APLda kutgandim uni. Hammiz kutgandik uni u yerda. London yoki Manchesterdan qay biri ekaniligi ikkinchi darajali masala edi. Pepning o'zi ham so'ngi vaqtlarda APL'ning shaydosi ekani-yu, u yerda o'z kuchini sinab ko'rish istagi bor ekanligi haqida gapirishdan bo'shamayotgan edi. 

Angliya - Pep uchun yagona varinat emasdi, albatta. Aniq takliflar haqida aniq bir nima deyish qiyinku-ya, biroq so'ngi vaqtlarda men ishonchli deb bilgan saytlarim Pepning nomini juda ko'p klublar bilan bog'layotgandi. Ular orasida "Milan", "PSJ" kabilarni uchratish mumkin edi.

Lekin tanlovga kelganda u "Bavariya" variantini ma'qul ko'rdi. Nega? Nega boshqalar emas?

Fikrimcha, hammasi juda oddiy. Qolgan klublardan birortasiga boshchilik qilish - bosh og'riqlar ichiga boshni suqush edi. Taftalogiya uchun, uzr, albatta. Boshqacharoq ta'riflay olmadim.

U hozirgi "Milan"ni, tanlashni istamadi. Muammolar botqog'idan klubni yana shonli onlarga qaytarish - ancha kuch, asab, sabr va mahorat talab etilishiga aqli yetib turgandi. "PSJ"da murabbiy bo'lish ishlash, har qancha mo'may daromadli ish bo'lmasin, bosimi haddan ziyod yuqori ekanini Anchelottidan eshitgan chiqar hoyna-hoy. 

"Chelsi"da, uning qancha muddatga shartnoma imzolashidan qat'iy nazar, biror kun Abramovich chap tomoni bilan turib qolsa, ishdan bo'shab ketish xavfi bor ekani yaqin 5 yilda bot-bot isbotini topganini yaxshi biladi u. "Man City"da ham "PSJ"dagidek holat... Umuman, Angliya Premier Ligasidagi istalgan klubni boshqarish Fergusson, Venger, Benites kabi titanlar bilan, ham maydonda, ham maydon tashqarisidagi tinimsiz to'qnashuvlardan qochib qutila olmaslikka olib kelishi tushunarli. Hali zamon "Real"da ishlashdan zerikib qolgan Mourinio ham APLga qadam ranjida qilib qolgudek bo'lsa, ahvol faqat og'irlashadi holos. Bunday holatda ishlash uchun, yurak kerak! Sabr kerak. Adrenalin lozim. Pepga esa tinchlik kerak. 

Rostdan ham uning tanlovi - mavjud variantlar orasidan eng tinchi. Bu yerda Amerika kashf qilish shart emas. Nimanidir boshqattan yaratish, qandaydir olamshumul o'zgarish qilish yoki jamoani yangilash, yoshartirish, kadrlar siyosatini izga tushirish va ho kazo ishlarni amalga oshirishga hojat yo'q. Hammsi joyida. Hammasi tayyor.

U boshqaradigan klub - ligasining gegemoni. "Bundesliga", deyilganda birinchi bo'lib yodga tushadigan klub u. Moliyaviy tomondan muammo nima ekanin bilmaydigan, Germaniyaning eng boy klubi. Jamoada har bir ampluaga 2-3tadan yuqori saviyadagi futbolchiga ega bo'lgan klubga kelyapti Pep. Tayyoriga. Sochni kaltalab, uni turmaklash shart emas. Shunchaki chetlarini shundoq "kontovka" qilib yuborsa bo'lgani. 

Bundesligada uning ishlari qanday ketishini kuzatamiz va uni APLda kutaveramiz. Kim aslida kim  ekanini bilish uchun bundan yaxshiroq ligani men bilmayman. Ikkichiman. :)

2 июл. 2012 г.

Final haqida




Parda tushirildi. Chiroqlar yoqildi. Teatrni asta-sekin tark etsak ham bo'ladi. Euro-2012 intihosiga yuzlashdi. Intihoning yaxshi yoki yomon ekanligini esa har kim o'zi uchun hal qildi yoki qiladi. G'alatiroq final. Uning g'alatiligi, kutilgan jamoaning biroz kutilmagan shakldagi, kutilmaganroq ko'rinishdagi g'alabsida. Gegemoniya davom etadi. Istaymizmi yo'qmi, chidashga majburmiz. Hozir "qizil furiya" tengsiz. Buni isbotlashning allaqachonlardan buyon hech kimga keragi ham yo'q.

Havotirga solayotgani boshqa bir jihat, jahon futboli ushbu gegemoniya borgan sari mustahkamlansa mustahkamlanyaptiki, aslo zaiflashayotgani yo'q . Gegemoniya qay nuqtaga borib, o'z mavqeidan tushishini tahmin ham qilish mushkul hozir. Mana shu barchasidan ham yomoni. Har holda futbolda uzoq davom etadigan gegemoniya tarafdori bo'lmagan, uning go'zalligini barqarorlikda emas, turfa xil ranglarda ko'radiganlarni havotirga soladigan jihat mana shu. 

Kecha Ispaniya turfa xil rekordlarni yangiladi. Ulargacha hech kim Eurodagi chempionligini himoya qila olishni uddasidan chiqmagan. Bu termagacha hali hech kim yirik xalqaro musobaqalarda ketma-ket uchta g'alabani qo'lga kiritmagan va ho kazo, ho kazo... Sanashga-da erinib ketadi odam. 

Ochig'ini tan olish kerak, Ispaniya kecha turnir davomida ko'rsatgan zerikarli o'yinini takrorlagani yo'q. Shu bilan birgalikda o'z o'yin uslubidan-da voz kechmadi ham. Ular o'sha, hammaga ma'lum uslubga tezlikni, hujumkorlikni, keskinlikni qo'shishdi. Buning natijasi o'laroq esa, maydonda birgina jamoa to'p surdi. Ikkinchisi bor ekanligi-da unitilayozdi. Ikkinchining borligi, ikkinchining birinchi raqamli futbolchisi dam-badam darvozasini goldan saqlayotganida, darvozasidan to'plar olib chiqayotganida sezilib turdi holos. Umuman, birinchi bo'lish uchun birinchi ko'proq haqli ekani har bir o'tib borgan daqiqa davomida isbotini topib bordi holos. 

Antiqa final. Butun turnirning eng yirik hisobi uning so'ngi uchrashuvida, saralanganlar ichidan saralanib olganlari o'rasidagi baxsda qayd etilsa... Eng oson g'alaba, eng qiyin bo'lishi lozim bo'lgan uchrashuvda qo'lga kiritilsa... Maydondagi futbolchilarning 80 foizidan ortig'i Italiya hamda ispaniya chempionatlarida to'p sursa-yu, 4 goldan 3tasini Premier-liga vakillari kiritsa. (Darvoqe, Italiya termasi tarkibidagi yagona premier-liga vakili, musobaqa bombardirlaridan biri hisoblanadi). 

Ha, Italiya o'yin avvalidayoq majburiy o'zgartirishni amalga oshirishiga to'g'ri keldi. Barcha o'zgarishlar erta amalga oshirib bo'lingach, yana bir futbolchining jarohat olishi-yu, Italiyaning bir futbolchi kam bo'lib deyarli bir taym davomida harakat qilish-da majbur bo'ldi. Biroq, keling tan olib qo'yaqolaylik, mana shu voqealar bo'lmaganida ham, Apennin Pireney ustidan g'alaba qozonishni uddalay olmasdi. Har holda, jamoalar tarkibi teng bo'lgan bir vaqtda ham ispanlar, ancha keskinroq, ancha mazmunliroq, ishonchliroq o'yin namoyish qilishayotgandi va... g'alaba qozonishayotgandi ham.

Nima bo'lgan taqdirda ham, ushbu Euro aynan Italiya sabab esda qoladigan bo'lgani rost. Euro-2012 deganda nimani eslaysiz? Italiya-Germaniyani, Prloning "panenko"sini, guruhdagi Italiya-Ispaniya o'yinidagi shiddatni, finalni... Ko'ryapsizmi, barchasida Prandelli shogirdlari ishtirok etyapti. Katta g'alabalar kutilmagan terma uchun, bu - katta g'alaba. 

Ispaniyachi?! Men Bravo, Del Boske va Bravo, Ispaniya, deya, gegemoniyaning tugashini kutaman. Bor gap shu.

Parda tushirildi...

29 июн. 2012 г.

Men nechun sevmayman Ispaniyani?






Aslida, inson kim yoki nimanidir yoqtirmasa, uni nima uchun xushlamasligini kimgadir tushuntirishga majbur emas deb hisoblayman. Shunday bo'lsa-da, so'ngi vaqtlarda, ayniqsa Yevro davomida Ispaniya terma jamoasiga muxlislik qiluvchilar, uni yoqtirmaydiganlardan, xususan mendan ham, buning sababini tushuntirib berishni juda ko'p so'rashyapti.

Emishki, ushbu terma jamoaning o'yini, taktik jihatdan - ideal va uning o'yinini faqatgina antifutbol tarafdorlarigina yoqtirmasligi mumkin. Har holda meni ensamni aynan mana shunga o'xshash gaplar bilan qiynaganlar yetarlicha bo'ldi. Shu sababdan ham bu mavzuga to'xtalib o'tishni ma'qul topdim. Demak, boshladik.

Eng avvalo, kelishib olaylik. Siz futbolni nima uchun tomosha qilasiz? Hamma bu savolga o'z holatidan kelib chiqib javob beradi. Kimdir uchun futbol - hayot mazmuni. Kim uchundir, do'stlari bilan muhokama qilish uchun shunchaki umumiy mavzu.

Men futbolni, u bag'ishlaydigan emotsialar uchun tomosha qilaman. Futbolning, umuman, sportning jamiyatdagi birinchi funksiyasi - tomosha. Tomosha esa qiziqarli bo'lmog'i kerak. Odamlarga shou kerak. Ko'pchiligimiz uchun daholarcha o'ylab topilgan qiyindan-qiyin taktik sxemalar u qadar qiziq emas. Biz futbolni o'ylash uchun emas, dam olish uchun tomosha qilamiz. Biz uchun muhimi maydonda murosasiz baxs bo'lsa, jang bo'lsa, hujum-u, xatolar bo'lsa, kimlarnidir so'kib olib, shu orqali ish, o'qish va kundalik hayotdagi boshqa vaziyatlar sabab yig'ilib qolgan barcha negativlikni chiqarib yuborsak. Qo'shilasizmi? Faqat futbol emas, sportning boshqa turlari ham, kino ham, multfilmlar ham ular baxsh etadigan turli emotsiyalar uchun tomosha qilinadi. Multfilm-u, kinolarda qahramonlar turfa xil bo'ladi.
Bosh qahramonlar esa qolganlardan nimasidir bilan ajralib turadio. Shuning uchun ham ularni yaxshi ko'rishadi.

Endi aytingchi, bir-birini istalgan o'rinda almashtirib ketaveradigan, amplua tushunchasini yo'qqa chiqarib yuboradigan darajada istalgan futbolchi, istalgan joyda o'ynab ketaveradigan, hammasi hamma vazifani bajarib ketaveradigan "mult qahramonlar"ni tomosha qilish shunchalik qiziqmi? Qanday qilib ularga muxlislik qilish mumkin?

 Agar "Superman" filmidagi barcha qahramonlar "Superman" bo'lganida uni kimdir qiziqish bilan tomosha qilarmidi? Kimdir "Superman"ni yaxshi ko'rib qolarmidi?

Ispaniyani ideal taktik o'yini, a-lya "Barsa" mukammal o'yin uslubi uchun yaxshi ko'rishar emish. Qiziq, sportda ideallik kerakmi? Muxlislar uchun?

Bilasizmi, bir vaqtlar Arturo Gatti ismli bir bokschi bo'lgan. Eshitganingiz bordir. U 38 yoshida fojeali tarzda vafot etdi. Yo'q, gap uning qanday o'lim topganida emas. O'sha bokschining janglari - eng ommobop janglar bo'lardi. Ko'p minglab odamlar uni tomosha qilishga tashrif buyurardi. Uni sevishardi. Yo'q, u har doim ham jangni g'olib sifatida yakunlamasdi. U yetuklikdan ancha uzoq bokschi edi. Yaxshi himoyalanmasdi, ko'p zarba o'tkazib yuborardi, bir necha raundga bormay qosh-ko'zlari yorilib, ishib ketmay qolmasdi. Lekin u kurashardi. U - jangchi edi. Uning janglarida hamma narsa bor edi. Kaltak ham yerdi, do'pposlardi ham raqibni. Ko'pincha g'olib kelardi. Har doim ham emas. Odamlarga bu yoqardi.

Men boksga Gatti ishtirokidagi janglarni ko'rib qiziqib qolganman. Agar 12 round davomida bir xil, zerikarli jang ko'rsatadigan va oqibatda g'alaba qozonadigan Klichkolarning janglarinigina ko'rganimda hech qachon bu sport turiga qiziqib qolmagan bo'lardim.

Futbolga qaytamiz. Yevrodagi eng qiziqarli o'yin qaysi deyilganda - hech ikkilanmay, Angliya - Shvetsiya baxsi deb aytgan bo'lardim. U o'yinda futbol baxsh etishi mumkin bo'lgan barcha emotsilar bor edi! Roxat bag'ishlagan gollar, ikkita qo'pol xato evaziga Angliya o'tkazib yuborgan ikki gol va Uolkotning qahramonligi. Angliyaning irodasi. O'yinni ko'rganidan afsuslangan biror muxlis bo'lgani yo'q. Bunday o'yinlarni ko'rganda ketkazilgan vaqtga achinilmaydi. Bilasizmi qaysi o'yindan so'ng, "bekor ko'ribman shu o'yinni, uxlasam bo'lar ekan" deguvchilar ko'p bo'ldi? Ispaniya-Fransiya, Ispaniya - Chexiya. Nega? Axir Ispaniyaning yetuk o'yinini yoqtirmay bo'ladimi?! Bo'lar ekan! Odamlar sportdan yetuklikni emas, boshqacharon narsalarni olishni istashar ekan.

Men Xaviga besh ketaman. Iniestaga qoyil qolaman. Alonsoga tasanno aytaman. Fabregasga ham ofarinlar. Lekin ulardan hech birini ajratib ko'rsatolmayman, Ularning hammasi kuchli o'yinchilar. Men esa kimnidir ajratib ko'rsatgim keladi. Hammasi zo'r bo'lishidan faqat va faqat zerikaman. Xato qilishdan qo'rqib, gol bo'lishi aniq bo'lguncha to'pni olib yuraveradigan, bir-biriga uzataveradigan, shu o'yin bilan g'olib bo'laveradigan jamoani yaxshi ko'ra olmayman. Huddi Klichkoning janglaridan rohat ola bilmaganim singari. Menga Arturo Gattilar yoqadi. Kechirasiz.


 

Sample text

Sample Text

Sample Text