Na
ishxonadagi, na uydagi televizorning birorta kanali “Manchestee Yunayted” – “Sautgempton”
o’yinini ko’rsatmasligini oldindan bilganim uchun, o’yinning matnli
translyatsiyasini o’qib qo’ya qolish, yo bo’lmasa, shunchaki hisobdan xabardor bo’lish
bilan kifoyalanmoqchi edim aslida. Shunday qilgan bo’lganimda, ushbularni yozib
o’tirmagan bo’larmidim, balki…
Premier-liga
turnir jadvalida sakkiz turdan keyin nechanchi o’rinda turganimiz sakkizinchi
masala. Natijalarning yomonligi ham qo’rqinchli emas. Kechagina champion
bo’lib, bugun chempionlar ligasida ishtirok etishdan-da umidsizlanib turganimiz
ham eng havotirli narsamas. APLdagi hech bir jamoa “Yunayted”ga qarshi
o’ynashga hayiqmay qo’ygani-yu, “Man Siti”ga o’xshaganlar “Iblis”larga qarshi
o’yinda istaganini qilayotgani ham eng uyatlisimas. Rosti. Qo’rqinchlisi boshqa. Havotirlisi o’zga.
O’ylantiradigan jihat bo’lak…
Eng
qo’rqinchlisi nima bilasizmi? Holatni o’nglanishidan umid qilish uchun, hammasi
izga tushib ketishidan umidvor bo’lish uchun asosning o’zi ko’rinmayotgani.
“Hay nima,
murabbiy yangi-da, o’z o’yin uslubini yigitlarga tushuntirish, uni maydonda
tadbiq qilish uchun vaqt kerak-da” deya olmasligimiz havotirli. O’yinda
murabbiyning imzosi mutlaqo sezilmayotgani, uning g’oyalari tadbig’i kuzatilmayotgani,
umuman, o’yinning o’zi yo’q ekani qo’rqinchli. Ushbu mavsumdagi barcha
mag’lubiyatlarga murabbiy xatolari, kam sonli g’alabalarga Runi, Yanuzay, van
Persi kabi alohida futbolchilarning individual mahoratlarigina sabab
bo’layotgani daxshatli.
Moyesni
yangi murabbiy ekanini har mag’lubiyatga oqlov sifatida ro’kach qilaverishdan
tiyiling. Bu kulguli. U “MU” bilan besh oydan buyon ishlayapti. Unga tarkibni
o’zi istagan holga keltirib olish uchun yetarlicha vaqt, mablag’, imkon berildi.
U jamoa o’yinini bir maronga keltirib olishi uchun ham keragicha muddat va
sharoit muhayyo qilindi. Uning transferda qoyil qilgan ishi “Everton”dan
o’zining “mikrafon”ini yetaklab kelish bo’ldi. Hozir esa uning o’sha suyuklisi
maydonda soch turmagidan boshqa biror jihat bilan ajralib turgani yo’q. Bori-da
sezilmayapti, yo’g’i-da bilingani yo’q. O’yinga mutlaqo ta’siri yo’q. Beta’sir.
Moyes-da
beta’sir. Hech bir uchrashuvda u o’yin davomida qabul qilgan qarorlari bilan
uning kechishini o’zgartira olganini eslolmayapman. Xotiramdan esa shikoyatim
yo’q. Biror o’ynda yomon boshlangan startdan keyin, tanaffusdan boshqacha
ishtiyoq, boshqa taktik yo’llar, strategiyalar bilan qaytganini ko’rmadim
jamoaning. Ko’zlarimdan ham nolimayman. Uning qaysidir o’yinda biror zahirasi
ish berib, masala “MU” foydasiga hal bo’lib ketgani haqida bilganinggiz bo’lsa,
bildiring menga ham. O’yinning borishiga ta’sir o’tkaza olayotgani yo’q. Na
qarorlari, na hayqirilari-yu, imo-ishoralari bilan. Balki saqich chaynashni
o’rganishi kerakdir…
Ha, unda
bosim yuqori, jin ursin. Lekin u qayerga kelayotganini bilardi. To’liq
tasavvurga ega bo’lmagan bo’lsa, bu tasavvurni hosil qilish uchun yetarlicha
muhlat o’tib ketdi. Keskin qarorlar qabul qilishdan cho’chiyotgandek, umuman
har qanday keskinlikdan qo’rqayotgandek tuyulyapti u. Ishlab turgan mexanizmni
buzib qo’yishdan cho’chiyotgandek. Lekin uning mana shu hadiki aslida faqat
zararga xizmat qilyapti. Menimcha-da endi.
U huddi
kompyuterda doim FIFA o’ynab yurib, birdan PES (Pro Evolution Soccer) o’ynashga o’tgan "gamer"ga
o’xshaydi. PESga o’tishga o’tgan-u, Boshqaruv tugmachalari sozlanmasini o’zgartirmagan.
FIFAda o’rganib qolgani tugmalarni bossa, negadir mutlaqo ish bermayapti. O’yin
qovushmayapti… PESga ko’nikolmayapti. Nima qilishni bilmay qolyapti.
Hozircha u
yaxshi uddalayotgan yagona ish: “Man Yunaytedni”ni “Everton”ga aylantirish.
“MUVERTON” yasash.
Yaqinda twitterda: “Manchester Yunayted” muxlislariga achinib ketyapman. Ular huddi yolg’iz qizini impotentga turmushga bergan otaga o’xshab qolishdi” degan twit o’qigandim. Baxslashmadim. “Unday emas!”, deya baqirgim keldi. Indamadim. Chunki unday emasligiga uni ishontirish uchun, avvalo, bunga o’zim ishonib olishim kerak. Uning impotent emasligiga juda ishongim kelyapti. Ohiri samarali bo’lishiga umid qilyapman. Lekin ishonch oqlanmasa, umidlar umidligicha qolib ketaversa, men qizimni undan ajratib olish tarafdoriga aylanaman. Ish ungacha yetib bormas deb umidlanaman.