Pages

27 июл. 2013 г.

Iqrornomam



Nimadir bo’ldi-yu, men matematika bilan chiqishmay qoldim. O’sha “nimadir” yettinchi sinfdan so’ng bu fan o’qituvchisi o’zgarib, yangisi matematikaga bo’lgan qiziqishimni butunlay so’ndirib yuborgani bo’lsa kerak. Har xolda o’shandan keyin matematika bilan munosabatlarimiz buzildi. Qattiq arazlab qoldik bir-birimizdan. Keyinchalik ahvol shunga yetib bordiki, men undan nafratlanadigan, ham qo’rqadigan bo’lib qoldim. Undan uzoqroq yurishim kerakligini tushundim. Nobel janoblari, sizni hurmat qilaman!)

Men o’z ustimda juda ko’p tajribalar o’tkazib ko’rganman. Shu qadar ko’p narsaga qiziqib ko’rganmanki, oqibatda bu faqat zararimga ishlaganini tushunganman. Kamina xo’rda qo’shiq kuylaganman. O’sha xo’rning ayrim qo’shiqlarida solistlik ham qilganman. TVda o’sha xo’r jamoasi bilan ko’rsatuvlarda chiqqanimni ham eslayman. 12 yoshlarda edim o’shanda. Hech qancha o’tmasdan honandadan sozandaga aylanganman.

Musiqa maktabida ikki yil rubob chalganman… va go’zal kunlarning birida “nimalar qilyapman men o’zi bu yerda?”, degan savolni o’zimga berganman-u, o’sha kundan boshlab o’sha musiqa maktabiga qadam bosmay qo’yganman. Orada rassamchilik to’garagiga ikki hafta, haykaltaroshlikka 3 hafta qatnab, bir miniatura va “Zumrad va Qimmat”dagi Qimmat haykalini yaratishga ulgurganman.

Shularning hammasi bilan bir vaqtda, uch yilcha boks bilan shug’ullanganman. Yigirmaga yaqin musobaqada qatnashganman, O’ndan ortiq musobaqada sovrindor bo’lganman. Maktabning to’qqizinchi sinfiga kelganida esa hammasini birdaniga yig’ishtirib tashlaganman va o’z oldimga maktabni qizil shahodatnomaga bitirish vazifasini qo’yganman. Nega bunday qilganimni hali ham tushunmayman, ochig’i. Garchi vazifani bajargan bo’lsam-da, bundan ne naf ko’rganimni eslay olmayman.

Men faqat “U qila olganini, men qilolmaymanmi?”- degan savolga: “Qila olar ekanman” degan javobni berish uchun qilardim va o’sha javobga erishgan kunim o’sha sohadan zerikardim va unutib yuborardim. Balki hozirgacha shundaydirman. Kim bilsin.

Maktabni bitirgach, nima qilishimni bilmadim. Qaysi yo’ldan borsam to’g’ri bo’lishi haqida tasavvurga ham ega emasdim. Chunki o’z ustimda o’tkazilgan tajribalarim bilan ovora bo’lib, aslida hayotda nima bilan shug’ullanishni istashim haqida o’ylab ko’rishga ulgurmagandim. Beqarorlik qiynagan. Uzoq vaqt qiynagan.

Hatto litseyda o’qib yurgan vaqtlarimda ham nima bilan shug’ullanishim kerakligini bilmasdim. Yo’limni tanlamagandim. Faqat bir narsani aniq bilardim: “Matematikadan uzoq yurishim kerak!”

2000-yildan buyon futbol ko’rardim. 2002-yildan boshlab futbol gazetalarini sotib olardim. O’qirdim. Hech qachon muallifiga e’tibor ham bermasdim. Gazetani yarmidan boshlab o’qirdim. Jahon futboli o’sha men o’qiydigan gazetaning ikkinchi yarmida yoritilardi. Boshqasi qiziqtirmasdi. Terma jamoa o’ynaganidagina gazetada shu haqdagi maqolaga ko’z yugurtirib qo’yardim holos.

Maktabda kelajakdagi kasbim haqida insho yozganimda har yili har xil kasb haqida yozardim. O’sha insholarning hech birida “Jurnalistika” nomli kasb tilga olinmagan. Ha, men hech qachon journalist bo’lishni orzu qilmaganman. “Futbol plyus”ning eng ashaddiy muxlislaridan biri bo’lganim rost. Hayrulla Hamidov sharhlarini sevganim rost. Utkinni taniganim ham yolg’on emas. Biroq men ular ishlaydigan sohada o’zimni ko’rmaganman.

Muhrim bilan tanishgunimga qadar shunday bo’lgan.

U guruhimizdagi hech kimga o’xshamasdi. U litseydagi o’z tengdoshlarining hech biriga o’xshamasdi. Chunki u hammamizdan bir necha yilga ilgarilab ketgandi. Ancha oldinda edi. Aniqrog’i biz undan ancha orqada edik.

Biz electron pochta va saytning farqiga bormagan vaqtlarimizda u internet nashrlarida muharrir edi. Bizga pochta ochib bergan vaqtlarida u o’zi saytlar yarata olardi. Bizni forumlarga a’zo bo’lishni, u yerda fikr qoldirishni o’rgatgan vaqtida o’zi yurtimizdagi eng birinchi futbol sayti yaratilishida jonbozlik ko’rsatardi. U har kuni meni hayron qoldirardi. Undan har kuni yangi narslar o’rganaverardim. U o’rgatishga erinmasdi.

“Odamlar orasida” gazetasini ilk marta uning qo’lida ko’rganman. Keyingi sonidan boshlab har birini o’zim sotib ola boshlaganman. Gazetaning muxlisiga aylanganman. Mualliflarga e’tibor bera boshlaganman.

Gazetaning qaysidir sonida sarlavhasi “Kitob do’koni qayerda?” bo’lgan maqola chiqqan. Har doimgi odatimizga ko’ra Muhrim bilan gazetaning yangi sonini muhokama qilayotganimizda u o’sha maqola haqida gapirayotib “Mana shuni yozgan bola (Diyor Imomxo’jayev edi muallif) biz bilan tengdosh, bilasanmi? Nima, biz yozolmaymizmi?”, degan mazmundagi gap qilgan. Bu mening nozik nuqtam edi. O’sha eski prinsipni qo’zg’ab qo’ygandi: “Nahot u qila oladi-ku, men qilolmasam?!”

O’shandan keyin boshlangan hammasi. Oradan bir qancha vaqt o’tgach, men oq qog’ozga chekish illati haqida bir narsa yozib kelganman. Qo’lda yozganman. Kompyuterim bo’lmagan. Litseyni bitirganimdan so’nggina kompyuter sotib olganman. Xullas, o’shani Muhrim kompyuterda terib, o’sha vaqtlarda men o’qib turadigan gazetalarning biri bo’lgan “7 iqlim”ga jo’natib yuborgan. Men bu haqida bilmaganman. Payshanba kuni gazetani sotib olganman-u, ichida “Muallif: Abror Qodirov”, degan yozuvli sahifaga ko’zim tushib, bunga qanday reaksiya bildirish kerkaligini tushuna olmay qolganman.

Keyin Muhrim bilan “Лицейская правда” nomli devoriy gazeta chiqarganmiz. Hech kimdan ruxsat olib o’tirmay, gazetni chiqarib yuborib, domlalar-u, tizimni tanqid qilib tashlaganimizdan, hech qancha o’tmay ro’znomamiz faoliyatini to’xtatgan. Keyin guruhimizga ucoz’da sayt qilganmiz. Uncha-muncha korxona-yu, oliygohlar o’z saytiga ega bo’lmagan zamonlarda litseyning bitta guruhida ikkita sayt bor edi. Biri guruh hayotini yoritsa, ikkinchisi guruh yigitlaridan tashkil topgan “TashCityPirates” nomli futbol jamoasi sayti edi.

Litseyni bitirgan yilimiz Universitetga guruhimizdan faqatgina Muhrim birinchi urinishdayoq kirib keta oldi. Litseydagi ingliz tili muallimasi Nigora opaning maslahatiga ko’ra Jahon Tillari Universitetining ingliz filologiyasiga topshirgan men esa qolgan kursdoshlarim kabi o’qishga kira olmadim. Bu orada “Chempion” gazetasi paydo bo’ldi. Uning doimiy o’quvchisiga aylandim. Unda Angliya Premier Ligasi haqida bir necha maqolam chiqdi. LiveJournal’da blogerlik qildim. Fk.uz degan sayt asoschilaridan biri bo’ldim. Ikki-uch joyda ishladim va o’qishga tayyorlandim. Kirdim.

Diyor bilan Muhrim o’z fakultetida ishga tushirgan “Ko’zgu” devoriy gazetasini ko’rgach o’sha eski odatimga ko’ra men ham shunday narsa qilgim kelib qoldi va bir oy o’tib, huddi o’sha gazetaning “philology edition”nini chiqara boshladim. Fakultet muammolarini ko’rsatish va ularni bartaraf etishning QVZ nomli boshqa bir ta’siri ancha kuchliroq bo’lgan yo’lini o’zim uchun kashf etgunimga qadar gazeta faoliyat olib bordi.

Ikkinchi kurs talabasi bo’lib  yurganimda “Stadion” gazetasida faoliyat yurita boshladim. O’sha Muhrim, o’sha Diyorlar bilan..

O’shandagina men beqarorga hayotning o’zi yo’l ko’rsatgani va soha tanlab berganiga iqror bo’ldim.

Shunaqa. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий

 

Sample text

Sample Text

Sample Text