Pages

16 мар. 2013 г.

Yomg'irga termulib...



Dam olish kunlari kech uyg'onaman. Nonushta hamda tushlik tushunchalarini umumlashtirib yuborganman. Eng yaqin tamaddixonalardan birida ovqatlanish davomida, hayolan kunning qolgan qismi uchun re'jalar tuzaman. Ayniqsa, yurtga qaytishga ko'p ham vaqt qolmagan bir paytda, Jakartadagi vaqtimdan unumli foydalanib, uning e'tiborga sazovor joylarida ko'proq vaqt o'tkazish haqida ko'proq o'ylaydigan bo'lganman. Biroq re'jalar soniyalar o'tib yo'qqa chiqadi ko'pincha...

Bor yo'g'i ikkitagina mavsumi bo'lgan Indoneziyaning "yomg'ir mavsumi"da olti oydan ziyodroq yashagunimga qadar yomg'irni yoqtirardim. Juda yoqtirardim. Jakarta yomg'irini esa sevib qololmadim. Urindim. O'xshamadi. U haddan ziyod vahimali, haddan ziyod qo'rqinchli... Uning shovqini quloqlarni qomatga keltiradi, tezligi cho'chitadi. Re'jalarni buzuvchi kuch ham mana shu yomg'ir. Mana shu jala! 

Nonushta-tushligimni qilish uchun bugun uydan chiqdim-u, eng yaqin tamaddixonalardan biriga kirdim. Uy va kafe orasi hech qancha bo'lmasa-da, kunning haddan ziyod issiqligi-yu, namlikning o'ta yuqoriligi sabab peshonadan ter chiqishga ulgurdi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, mashinalar signalizatsiyalari chalinib ketishiga sabab bo'lgan momaqaldiroq tovushi eshitilib, darrov sharros yomg'ir quya boshladi. Bu yomg'ir kamida 1 soatga meni mana shu yemakxonaga "qamab qo'ydi". Bunday "qamoq"larga tushaverib ko'nikib ham ketganman. Deraza oldida o'tirib, o'zini panaga urayotgan odamlar-u,  yo'llarni zumda ko'lmaklarga to'ldirib tashlayotgan yomg'irga termulaman. Yaxshi tomoni, bu vaqt oralig'ida ko'p narsalarni o'ylab olish imkoni bor. Turfa xil o'ylar bir-biriga bog'lanib ketaveradi...

...Yigirma kun. Hayotning yana bir sahifasi yakunlanishiga shuncha vaqt qoldi. O'zgacha sahifa. Avvalgilaridan mutlaqo farq qiluvchi, biror jihati bilan bo'lsa-da, boshqalarini eslatmaydigan bo'lim. Uning takrorlanmas bo'lishini "Soekarno Hatta" aeroporti binosidan tashqariga chiqishimdayoq nafas olishga qiynalganim namgar va jazirama havodanoq tushunib yetgandim. Ilk marotaba "warteg"da achchiq bir tamoni ta'tib ko'rganim va tenggi yo'q tabiiy mango sharbatidan ichganim, "nasi goreng ayam"ni o'zim uchun palov deb qabul qilganim, ko'chalarda huddi kuchigini yetaklab ketayotgandek, maymuni bilan yurgan insonlarni ko'rganim, butun dunyo mototsikllari kelishib olgandek faqatgina Jakarta ko'chalarida yurgandek tasavvur uyg'otgan, peshonasiga abadiy tirbandlik tamg'asi bitilgan shahar ko'chalari, 4-5 yoshdan 70-75 yoshgacha tamaki tutatib yurgan ayol-u erkak , dumsiz mushuklar-u, suvsiz ariqlar, bahaybat binolar-u, mayda odamlar... Bularning barchasi hayotimning o'xshashi yo'q bir bo'limini boshlab qo'yganimni takror va takror tasdiqlardi, holos... 

Yoqimli va yoqimsiz kunlar bo'ldi. Juda ham zavqli va o'ta og'ir damlar bo'ldi. Boy ham bo'ldim, pulsiz ham qolib ketdim. Hastaliklarni ko'rdim. Boshdan kechirdim. Toqatni sinovdan o'tkazdim. Nafsimni imtihon qildim. Mustaqil ravishda. Eng muhim nuqta ham mana shu. Shu davrgacha menda mustahkam bir qo'rg'on, ishonchli suyanchiq bo'lgan. Oila deb atalmish o'sha suyanchiq mana shu davrgacha duch kelganim muammolarni osonroq hal qilishda, ikkilanganimda bir qarorga kelishda ko'makdosh, 22 yillik yo'lda yo'ldosh bo'lgan. Endi vaziyat ancha boshqacha ko'rinish olgandi. Chin ma'nodagi imtihon boshlangandi. 

Imtihondan qanchalik muvoffaqiyatli o'tdim, bilmayman. Lekin bu sinovlar bebaho bilimlarni egallashga olib kelganini juda yaxshi bilaman, tushunib turibman... Jakarta Davlat Universitetida olingan bilimlar qanchalik kerakli bo'lmasin, hayot deb atalmish muallimning ma'ruza-yu amaliyotlarida orttirilgan ko'nikmalar oldida ikkinchi darajaga tushib qoladi... Yana yigirma kunlik sinov...

... Yomg'ir ko'chalarni katta ariqlarga aylantirdi. Suvsiz ariqlar to'lib-toshib oqayapti. Yana biroz vaqt o'tib, yomg'ir tinadi-yu, bu suvlar o'z o'zidan yo'q bo'lib qoladi. Hayratlanasan tabiatning ishlariga. Bir zumda shuncha suv qanday g'oyib bo'lib qolar ekan?...

Yomg'ir biroz pasaygandek bo'ladi. Uygacha uzoq emas. Biroz ho'l bo'lishni bo'yinimga olib, chopaman... Yugursam kamroq ho'l bo'ladigandek huddi....
 

Sample text

Sample Text

Sample Text