Pages

29 июн. 2012 г.

Men nechun sevmayman Ispaniyani?






Aslida, inson kim yoki nimanidir yoqtirmasa, uni nima uchun xushlamasligini kimgadir tushuntirishga majbur emas deb hisoblayman. Shunday bo'lsa-da, so'ngi vaqtlarda, ayniqsa Yevro davomida Ispaniya terma jamoasiga muxlislik qiluvchilar, uni yoqtirmaydiganlardan, xususan mendan ham, buning sababini tushuntirib berishni juda ko'p so'rashyapti.

Emishki, ushbu terma jamoaning o'yini, taktik jihatdan - ideal va uning o'yinini faqatgina antifutbol tarafdorlarigina yoqtirmasligi mumkin. Har holda meni ensamni aynan mana shunga o'xshash gaplar bilan qiynaganlar yetarlicha bo'ldi. Shu sababdan ham bu mavzuga to'xtalib o'tishni ma'qul topdim. Demak, boshladik.

Eng avvalo, kelishib olaylik. Siz futbolni nima uchun tomosha qilasiz? Hamma bu savolga o'z holatidan kelib chiqib javob beradi. Kimdir uchun futbol - hayot mazmuni. Kim uchundir, do'stlari bilan muhokama qilish uchun shunchaki umumiy mavzu.

Men futbolni, u bag'ishlaydigan emotsialar uchun tomosha qilaman. Futbolning, umuman, sportning jamiyatdagi birinchi funksiyasi - tomosha. Tomosha esa qiziqarli bo'lmog'i kerak. Odamlarga shou kerak. Ko'pchiligimiz uchun daholarcha o'ylab topilgan qiyindan-qiyin taktik sxemalar u qadar qiziq emas. Biz futbolni o'ylash uchun emas, dam olish uchun tomosha qilamiz. Biz uchun muhimi maydonda murosasiz baxs bo'lsa, jang bo'lsa, hujum-u, xatolar bo'lsa, kimlarnidir so'kib olib, shu orqali ish, o'qish va kundalik hayotdagi boshqa vaziyatlar sabab yig'ilib qolgan barcha negativlikni chiqarib yuborsak. Qo'shilasizmi? Faqat futbol emas, sportning boshqa turlari ham, kino ham, multfilmlar ham ular baxsh etadigan turli emotsiyalar uchun tomosha qilinadi. Multfilm-u, kinolarda qahramonlar turfa xil bo'ladi.
Bosh qahramonlar esa qolganlardan nimasidir bilan ajralib turadio. Shuning uchun ham ularni yaxshi ko'rishadi.

Endi aytingchi, bir-birini istalgan o'rinda almashtirib ketaveradigan, amplua tushunchasini yo'qqa chiqarib yuboradigan darajada istalgan futbolchi, istalgan joyda o'ynab ketaveradigan, hammasi hamma vazifani bajarib ketaveradigan "mult qahramonlar"ni tomosha qilish shunchalik qiziqmi? Qanday qilib ularga muxlislik qilish mumkin?

 Agar "Superman" filmidagi barcha qahramonlar "Superman" bo'lganida uni kimdir qiziqish bilan tomosha qilarmidi? Kimdir "Superman"ni yaxshi ko'rib qolarmidi?

Ispaniyani ideal taktik o'yini, a-lya "Barsa" mukammal o'yin uslubi uchun yaxshi ko'rishar emish. Qiziq, sportda ideallik kerakmi? Muxlislar uchun?

Bilasizmi, bir vaqtlar Arturo Gatti ismli bir bokschi bo'lgan. Eshitganingiz bordir. U 38 yoshida fojeali tarzda vafot etdi. Yo'q, gap uning qanday o'lim topganida emas. O'sha bokschining janglari - eng ommobop janglar bo'lardi. Ko'p minglab odamlar uni tomosha qilishga tashrif buyurardi. Uni sevishardi. Yo'q, u har doim ham jangni g'olib sifatida yakunlamasdi. U yetuklikdan ancha uzoq bokschi edi. Yaxshi himoyalanmasdi, ko'p zarba o'tkazib yuborardi, bir necha raundga bormay qosh-ko'zlari yorilib, ishib ketmay qolmasdi. Lekin u kurashardi. U - jangchi edi. Uning janglarida hamma narsa bor edi. Kaltak ham yerdi, do'pposlardi ham raqibni. Ko'pincha g'olib kelardi. Har doim ham emas. Odamlarga bu yoqardi.

Men boksga Gatti ishtirokidagi janglarni ko'rib qiziqib qolganman. Agar 12 round davomida bir xil, zerikarli jang ko'rsatadigan va oqibatda g'alaba qozonadigan Klichkolarning janglarinigina ko'rganimda hech qachon bu sport turiga qiziqib qolmagan bo'lardim.

Futbolga qaytamiz. Yevrodagi eng qiziqarli o'yin qaysi deyilganda - hech ikkilanmay, Angliya - Shvetsiya baxsi deb aytgan bo'lardim. U o'yinda futbol baxsh etishi mumkin bo'lgan barcha emotsilar bor edi! Roxat bag'ishlagan gollar, ikkita qo'pol xato evaziga Angliya o'tkazib yuborgan ikki gol va Uolkotning qahramonligi. Angliyaning irodasi. O'yinni ko'rganidan afsuslangan biror muxlis bo'lgani yo'q. Bunday o'yinlarni ko'rganda ketkazilgan vaqtga achinilmaydi. Bilasizmi qaysi o'yindan so'ng, "bekor ko'ribman shu o'yinni, uxlasam bo'lar ekan" deguvchilar ko'p bo'ldi? Ispaniya-Fransiya, Ispaniya - Chexiya. Nega? Axir Ispaniyaning yetuk o'yinini yoqtirmay bo'ladimi?! Bo'lar ekan! Odamlar sportdan yetuklikni emas, boshqacharon narsalarni olishni istashar ekan.

Men Xaviga besh ketaman. Iniestaga qoyil qolaman. Alonsoga tasanno aytaman. Fabregasga ham ofarinlar. Lekin ulardan hech birini ajratib ko'rsatolmayman, Ularning hammasi kuchli o'yinchilar. Men esa kimnidir ajratib ko'rsatgim keladi. Hammasi zo'r bo'lishidan faqat va faqat zerikaman. Xato qilishdan qo'rqib, gol bo'lishi aniq bo'lguncha to'pni olib yuraveradigan, bir-biriga uzataveradigan, shu o'yin bilan g'olib bo'laveradigan jamoani yaxshi ko'ra olmayman. Huddi Klichkoning janglaridan rohat ola bilmaganim singari. Menga Arturo Gattilar yoqadi. Kechirasiz.


Комментариев нет:

Отправить комментарий

 

Sample text

Sample Text

Sample Text