Pages

20 июл. 2013 г.

Havola



Gazeta o’qishning har qancha shaydosi bo’lmay, maqola aynan gazetada ta’sirliroq, zalvorliroq tuyulishini tan olishimga qaramay, internet-jurnalistika kaminaga ko’proq ma’qul. Unda imkon ko’proq. Unda erkinlik ko’p. Imkoniyat va erkinlik tushunchalarini ayni damda faqat shakl va hajmga nisbatan ishlatyapman…

Gazetada hajm qat’iyan chegaralanadi. Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas. Rasmlar bilan ishlashda ham qiyinchiliklar yetarlicha. Havola, video,  audio materiallar, shu shakldagi ma’lumotlar bilan maqolani boyitishning imkoni yo’q ekani ham tushunarli.  Shu nuqtai nazardan internet jurnalistikasi an’anaviy matbuotdan ustunroq. Ancha.

Biroq internet jurnalistikasining o’zidagi faoliyatimiz davomida undagi ushbu mavjud imkoniyatlardan har doim ham foydalanmaymiz. Foydalanmayapmiz. Hatto juda zarur bo’lganida ham.

Yuqoridagi gaplar bilan Amerika kashf etmadim. Hammaga ma’lum bo’lgan haqiqatni “tupo” takrorlaganimni tushinib turibman. Shunday bo’lsa-da, asosiy gapga o’tishdan oldin shu gaplarni gapirib olmasam bo’lmasdi. Pardon.

Shuncha gapni yozib, o’zimni va sizning vaqtingizni o’g’rilashimga sabab, bir necha kun oldin Stadion.Uz saytida e’lon qilingan, hamkasbim Diyor Imomxo’jayevga nisbatan bildirilgan ushbu raddiya bo’ldi.

Qisqacha mazmuni shunday:  Diyor Imomxo’jayev o’zining twitterdagi sahifasida ushbu nashrda O’zbekiston MTJ bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovga nisbatan uning nazdida “kampaniyavozchilik” uyushitirilgan. Uning bunday xulosaga kelishiga saytda ketma-ket e’lon qilinib, mazmunan Qosimov tanqid ostiga olingan maqolalarning haddan ziyod ko’p bo’lgani va butun boshli nashr hodimlari-yu, muxlislari deyarli bir xil fikrni ilgari surishgani bo’lgan. Bu borada kaminaning o’z qarashi mavjud ersa-da, hozir umuman bu haqida emas. O’zaro munosabatlar qay tarzda boshqalarga yetkazilgani haqida.

Ushbu holat bo’yicha ikkita qat’iy fikrim bor.

Birinchidan. Diyor Imomxo’jayev o’z fikrlarini o’zining twitterida e’lon qilgan. Unda  mulohazalarini maqola ko’rinishida istalgan nashrda e’lon qilish imkoniyati ham yo’q emasdi. Biroq fikrlar haddan ziyod subyektivligi sabab bo’lsa kerak  (twitter esa aynan shunday fikrlar uchun eng to’g’ri joylardan biri) ularni mikrablog sferasi ichida qoldirdi. Stadion.Uz hodimlarining, adashmasam, hammasida twitter akkaunt mavjud. Ular raddiyalari va qarshi fikrlarini aynan shu formatda e’lon qilishlari eng to’g’ri yo’l bo’lardi, menimcha.  Sababi o’zaro baxsni twitter a’zolari to’laligicha kuzatish imkoniyatiga ega bo’lishar va o’zlari uchun haq va nohaq tomon haqida xulosa yasab olaverishardi.

Bir formatdagi fikrni qismlab, boshqasiga o’tkazish auditoriyani vaziyatni to’liq kuzatish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bu esa xulosa chiqarishda faqat bir tomon fikrlariga ko’proq tayanishga olib keladi o’quvchini. Raddiya ostida qoldirilgan izohlardan huddi shunaqa bo’lgani ham sezilib turibdi.

Ikkinchidan.  Agar sayt foydalanuvchilari sayt hodimlari haqida Diyor nimalar deganini bilishi suv va havodek zarur va unga aynan saytda raddiya yozish shart, deb hisoblanganda ham bunga qarshi chiqishga haqqimiz yo’q. Lekin mana shu o’rinda ham o’quvchiga vaziyatni to’liq kuzatish imkoniyatini yaratish zarur! Shart!  Bunga esa internet jurnalistikasida keragidan ham ortiq imkoniyatlar bor.

Raddiyada Diyorning ayrim fikrlari iqtibos sifatida keltirilgan va munosabat bildirishda o’shalar asos qilib olinib, tahririyat nuqtai nazari istalgancha boyitilgan.  Shu o’rinda, men nima uchun Diyor Imomxo’jayev twittteriga o’sha vaqtda, matn orasida havola qo’yilmaganini tushuna olmadim. Nega skrinshot’lar olib barcha  twitlar keltirilmagani ajablantirdi. Kerak bo’lsa, har bir twitga alohida havola berib chiqilsa ham hech kimning g’ashiga tegmasdi. Jilla qursa uning twitterdagi manzili havolasiz keltirilganda ham yomon bo’lmasdi.

Mayli, bundan muxlis fikri, o’quvchi xulosasi o’zgarmasin. Mayli, Diyorning fikrlari bir-birini faqat takrorlagan bo’lsin. Gap unda emas. Men o’quvchiga yoritilayotgan vaziyat bilan to’liq tanishishiga imkon berilishini istayman. Bu gazeta emaski, siz o’quvchga iqtibosinggizdagi qo’shtirnoqlar bilan chegaralar belgilab bersanggiz.Nazar chegarasini ikki tomondagi qo'shtirnoqlar bilan to'sib qo'ysangiz.

O’quvchini bir maqolani o’qib tugatgunicha, kerak bo’lsa o’nta sahifani “aylanib” chiqishga majbur qiling. Tanishtiring. Tushuntiring. Isbotlang. Bu internet, janoblar.

Shularni aytib olmasam bo’lmasdi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий

 

Sample text

Sample Text

Sample Text